2026-yil 19-iyul, Samarqand. Samarqand xalqaro aeroportining yer usti operatori Air Marakanda 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo'yicha operatsion faoliyat natijalarini e'lon qildi.

2026-yilning yanvar–iyun oylarida Samarqand xalqaro aeroporti 759 241 nafar yo'lovchiga xizmat ko'rsatdi hamda 5 912 ta reysni qabul qildi va jo'natdi.

Yo'lovchi tashuvlarining asosiy qismi an'anaviy ravishda xalqaro yo'nalishlarga to'g'ri keldi. Eng ommabop yo'nalishlar Moskva, Istanbul va Sankt-Peterburg bo'ldi. Hisobot davrida xalqaro reyslarda 720 863 nafar yo'lovchi, ichki reyslarda esa 38 378 nafar yo'lovchiga xizmat ko'rsatildi.

Mazkur davr mobaynida aeroport yo'lovchi terminali orqali 87 273,1 kg yuk qayta ishlangan.

Operatsion faoliyat bilan bir qatorda, AIR MARAKANDA 2026-yilning birinchi yarmida ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va axborot infratuzilmasini himoya qilishga qaratilgan loyihalarni izchil amalga oshirishni davom ettirdi.

"365 kun hodisasiz" dasturi doirasida aviatsiya hodisalari va insidentlarini hisobga olish hamda nazorat qilish uchun kompaniyaning o'z axborot tizimi ishlab chiqildi va foydalanishga topshirildi. Mazkur yechim ma'lumotlarni markazlashtirilgan tarzda qayd etish, parvozlar xavfsizligi ko'rsatkichlarini tahlil qilish va profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Raqamli transformatsiyaning yana bir muhim bosqichi Baggage Reconciliation System (BRS) — bagajni avtomatik solishtirish va nazorat qilish tizimining joriy etilishi bo'ldi. Tizim ICAO Annex 17, ICAO Doc 8973, ECAC Doc 30 hamda IATA Resolution 753 talablari asosida joriy etildi. Ushbu xalqaro hujjatlar ro'yxatdan o'tkazilgan bagajni yo'lovchi bilan majburiy solishtirish hamda bagajni qayta ishlashning barcha asosiy bosqichlarida kuzatib borishni belgilaydi. Tizimning joriy etilishi bagaj hisobini yuritish aniqligini oshirdi, bagajga ishlov berish ustidan nazoratni kuchaytirdi hamda Samarqand xalqaro aeroportining aviatsiya xavfsizligi va yer usti xizmatlari sifati bo'yicha zamonaviy xalqaro talablarga muvofiqligini ta'minladi.

AIR MARAKANDA raqamli yechimlarni joriy etish va yo'lovchilarga ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini izchil takomillashtirishni davom ettirib, aeroport infratuzilmasini boshqarish bo'yicha xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta'minlash yo'lidan qat'iy bormoqda.
Back to news list