2026-yil 27-iyul, Samarqand. Samarqand xalqaro aeroportining yerusti xizmatlari operatori Air Marakanda kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi tarixida IATA Safety Audit for Ground Operations (ISAGO) auditidan muvaffaqiyatli oʻtgan hamda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) akkreditatsiyasini qoʻlga kiritgan birinchi xususiy kompaniya boʻldi.

ISAGO audit dasturi havo kemalariga yerusti xizmatlarini koʻrsatish sifati va xavfsizligini mustaqil baholashning xalqaro tizimi hisoblanadi. Audit kompaniya faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini, jumladan, xavfsizlikni boshqarish tizimi, xodimlarni tayyorlash, ishlab chiqarish jarayonlari, sifat nazorati hamda yerusti operatsiyalarini amalga oshirishni qamrab oladi.

Mazkur akkreditatsiyaning qoʻlga kiritilishi Samarqand xalqaro aeroportida yerusti xizmatlari IATAning yagona xalqaro standartlariga toʻliq mos kelishini tasdiqlaydi. Bu aeroportning xalqaro aviakompaniyalar uchun ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlab, uning jahon aviatsiya bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi.

Aviatashuvchilar uchun ushbu akkreditatsiya aeroportning xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan sohaviy talablarga muvofiqligini, yerusti xizmatlarini tashkil etishning yuqori darajasini, sifat nazoratining shaffof tizimini hamda o‘z auditlarini oʻtkazishga bo‘lgan ehtiyojning kamayishini anglatadi. Bu esa hamkorlikni kengaytirish va yangi aviayoʻnalishlarni ochish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.

Shu bilan birga, Air Marakanda aerodrom maxsus texnikasidan foydalanish boʻyicha xalqaro talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi IATA Enhanced GSE Recognition (AHM 900) sertifikatini ham qoʻlga kiritdi. Mazkur sertifikat maxsus texnika parkini boshqarishda zamonaviy standartlar qoʻllanilayotganini tasdiqlaydi, bu esa perron operatsiyalari xavfsizligini oshirish va ekspluatatsion xatarlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Yoʻlovchilar uchun ushbu sertifikatlash sayohatning har bir bosqichi — roʻyxatdan oʻtish, bagajga ishlov berish, havo kemasini parvozga tayyorlash hamda yerusti xizmatlari faoliyati — xavfsizlik, sifat va samaradorlik boʻyicha yagona xalqaro talablarga muvofiq amalga oshirilishini anglatadi. Natijada jarayonlarning yanada ishonchli tashkil etilishi, xizmat koʻrsatish sifati yuksalishi hamda yoʻlovchilarning Samarqand xalqaro aeroportini tanlashdagi ishonchi mustahkamlanadi.

«ISAGO auditidan muvaffaqiyatli oʻtish, IATA akkreditatsiyasini hamda Enhanced GSE Recognition sertifikatini qoʻlga kiritish nafaqat Air Marakanda, balki Oʻzbekiston fuqaro aviatsiyasi uchun ham tarixiy voqeadir. Biz soha tarixida shunday keng qamrovli xalqaro baholashdan muvaffaqiyatli oʻtib, yerusti xizmatlari boʻyicha jahon standartlariga muvofiqligini tasdiqlagan birinchi xususiy kompaniyaga aylandik.

Mazkur natija ortida xavfsizlik madaniyatini rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda mutaxassislar malakasini oshirish boʻyicha olib borilgan ikki yillik tizimli mehnat mujassam. Hamkorlarimiz uchun bu taqdim etilayotgan xizmatlarning sifati va ishonchliligiga boʻlgan ishonchni, yoʻlovchilar uchun esa safarning har bir bosqichida xavfsizlik va yuqori xizmat koʻrsatish darajasining qoʻshimcha kafolatini anglatadi.

Biz ushbu yutuqni yakun emas, balki rivojlanishning yangi bosqichi deb bilamiz. Maqsadimiz — Samarqand xalqaro aeroportining Markaziy Osiyodagi eng zamonaviy va raqobatbardosh aeroportlardan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlash hamda faoliyatimizni eng ilgʻor xalqaro amaliyotlar asosida izchil rivojlantirishdir.»
—— taʼkidladi Air Marakanda bosh direktori Ulugʻbek Shamsikulov.

Qo'shimcha ma'lumot:

AIR MARAKANDA – O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya sohasida birinchi davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyiha doirasida Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminaliga yer usti xizmati ko‘rsatish va boshqarish bo‘yicha operator-kompaniya. Samarqand aeroportining yangi xalqaro terminali uch yildan buyon ketma-ket World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro aeroportlar reytingida Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yetakchi o‘ntalikka kirdi. Yevropaning ACI Europe tashkiloti tomonidan e’lon qilingan 2024-yilning birinchi yarim yilligi natijalariga ko‘ra, Samarqand xalqaro aeroporti o’rta toifali aeroportlar orasida ikkinchi o‘rinni egalladi.

AIR MARAKANDA matbuot bo’limi

Tel.: +998 97 907 8767

Email: pr@airmarakanda.com 

Sayt: https://samarkandairport.com/ 

Back to news list