Oy davomida parvozlarga xizmat ko‘rsatishda ishtirok etuvchi bo‘lim xodimlari tematik chellenjlar, kundalik blits-so‘rovlar va amaliy topshiriqlarni o‘z ichiga olgan interaktiv tayyorgarlik dasturida qatnashdilar. Ishtirokchilar mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy talablarni bilishini, favqulodda vaziyatlarda tezkorlik bilan harakat qilish va to‘g‘ri qaror qabul qilish hamda texnika xavfsizligi me’yorlarini kundalik faoliyatda qo‘llash ko‘nikmalarini namoyish etdilar.
Yakuniy sinovda avvalgi bosqichlarda eng yuqori natijalarni qayd etgan xodimlar ishtirok etdi. So'nggi bosqichga o'tgan ishtirokchilar hal qiluvchi imtihondan o‘tib, unda mantiqiy fikrlash, kasbiy tajriba, tezkor javob hamda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi nazariy tayyorgarlik darajasi baholandi. Hakamlar hay’ati tarkibiga "Air Marakanda" kompaniyasi rahbariyati, shuningdek Samarqand viloyati "Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi"ning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektorlari jalb etildi. Bu esa tadbirning yuqori saviyada tashkil etilganligi va katta ahamiyatga ega ekanligini yaqqol namoyon qildi.
Loyiha yakunlariga ko‘ra uch nafar g‘olib aniqlandi. Ular butun jamoa uchun munosib namuna bo‘lib, ish joyidagi xavfsizlik har bir xodimning mas’uliyatidan boshlanishini yana bir bor isbotladilar.
Kompaniya xodimlarni bunday loyihalarga jalb etishga alohida e’tibor qaratadi va buni xavfsiz mehnat muhitini shakllantirish hamda, ish jarayonida jarohatlanish holatlarini kamaytirishning samarali vositasi sifatida baholaydi. Bu kabi tadbirlar nafaqat bilim darajasini oshirish, balki xodimlarda mehnatni muhofaza qilish standartlariga ongli munosabatni shakllantirish, jamoaviy hamkorlikni mustahkamlash va yuqori darajadagi xizmat ko'rsatish intizomini ta’minlashga xizmat qiladi.
AIR MARAKANDA — O‘zbekiston Respublikasida aviatsiya sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilgan ilk loyiha doirasida Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminalini boshqarish va yer usti xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha operator kompaniya hisoblanadi.
Yangi xalqaro terminal ketma-ket uch yil davomida Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha nufuzli World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro reytingida mintaqaviy yetakchilar o‘ntaligiga kiritilgan. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, Samarqand aeroporti ACI EUROPE talqiniga ko‘ra o‘z toifasida yo‘lovchi oqimi o‘sish sur’ati bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.
Matbuot-xizmat: AIR MARAKANDA
Tel.: +998 97 907 87 67
Email: pr@airmarakanda.com
Sayt: https://samarkandairport.com/
