2026-yil 18-may. «Air Marakanda» kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston, Rossiya, Belarus va Turkiyadan tashrif buyurgan 30 ga yaqin aviatsiya fotografi hamda aviatsiya ixlosmandlarini birlashtirgan bahorgi spotting tadbiri tashkil etildi.
Dastur doirasida spotterlarga havo kemalari va yerusti xizmatlari faoliyatini foto hamda video tasvirga olish uchun aerodrom hududidagi maxsus nuqtalarga kirish imkoniyati taqdim etildi.
Tadbirning eng muhim va eksklyuziv qismlaridan biri Samarqand Havo harakatini boshqarish markaziga tashkil etilgan ekskursiya bo‘ldi. Spotterlar havo harakatini boshqarish jarayonlari, reyslarni muvofiqlashtirish tizimi hamda aviadispetcherlar faoliyatining o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Soha mutaxassislari dispetcherlik xizmatining asosiy yo‘nalishlari, parvozlar xavfsizligini ta’minlash tamoyillari va havo kemalari ekipajlari bilan hamkorlik jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Bunday spotting tadbirlarini o‘tkazish aeroport va aviatsiya hamjamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bilan birga, Samarqand xalqaro aeroportida operatsion jarayonlar yuqori darajada tashkil etilganini namoyish etishga xizmat qiladi. Shuningdek, bunday loyihalar aviatsiyani ommalashtirish, aviatsion fotografiyani rivojlantirish hamda aeroport va professional aviatsiya hamjamiyati o‘rtasida ochiq muloqotni shakllantirishga yordam beradi.
Spotting yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi mualliflik foto va video materiallari Samarqand aeroportining rasmiy axborot platformalarida e’lon qilinadi. Bu esa aeroport faoliyatining noyob lahzalarini aviatsiya fotograflari nigohi orqali keng jamoatchilikka namoyish etish imkonini beradi.
Qo'shimcha ma'lumot:
AIR MARAKANDA – O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya sohasida birinchi davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyiha doirasida Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminaliga yer usti xizmati ko‘rsatish va boshqarish bo‘yicha operator-kompaniya. Samarqand aeroportining yangi xalqaro terminali uch yildan buyon ketma-ket World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro aeroportlar reytingida Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yetakchi o‘ntalikka kirdi. Yevropaning ACI Europe tashkiloti tomonidan e’lon qilingan 2024-yilning birinchi yarim yilligi natijalariga ko‘ra, Samarqand xalqaro aeroporti o’rta toifali aeroportlar orasida ikkinchi o‘rinni egalladi.
AIR MARAKANDA matbuot bo’limi
Теl.: +998 97 907 8767
Email: pr@airmarakanda.com
Sayt: https://samarkandairport.com/
