18-mart 2025, Samarqand. Air Marakanda kompaniyasi Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali uch yilligini nishonlash munosabati bilan kam ta’minlangan va serfarzand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy tadbir tashkil qildi.
Ushbu tashabbus doirasida kompaniya rahbariyati SOS O‘zbekiston Bolalar mahallalarining Samarqand shahridagi filialiga tashrif buyurdi. Bolalar uchun animatorlar ishtirokida bayram dasturi o‘tkazilib, ularning oilalariga oziq-ovqat mahsulotlari to‘plamlari topshirildi.
Shuningdek, aeroport terminalida maxsus fotozona tashkil etilib, yo‘lovchilar va mehmonlar bayramona lahzalarni tasvirga tushirish imkoniga ega bo‘ldilar. Navro‘z bayrami arafasida barcha tashrif buyuruvchilarga an’anaviy bahorgi taom - sumalak taklif etildi.
Air Marakanda Bosh direktori Ulug‘bek Shamsiqulov o‘z firklari bilan o‘rtoqlashdi:
“Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali ochilganiga uch yil to‘lishini nafaqat yo‘lovchilarimiz, balki shahar aholisi bilan birga nishonlashdan mamnunmiz. Yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy mas’uliyatimizning muhim qismi hisoblanadi. Biz nafaqat aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga, balki jamiyat farovonligiga hissa qo‘shishga intilamiz”.
Air Marakanda kompaniyasi O‘zbekiston aviatsiyasi tarixida davlat-xususiy sheriklik asosida xalqaro aeroportni boshqarayotgan birinchi xususiy kompaniyadir. 2022-yil 1-iyundan boshlab terminal boshqaruvi Air Marakanda ixtiyoriga o‘tgandan so‘ng, Samarqand xalqaro aeroporti muntazam ravishda o‘z rekordlarini yangilab kelmoqda. Shu davr mobaynida 3 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi. Bu esa kompaniyaning barqaror rivojlanayotgani va o‘sib borayotganini tasdiqlaydi.
Qo‘shimcha ma’lumot:
AIR MARAKANDA - davlat-xususiy sheriklik asosida O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya sohasidagi birinchi loyiha doirasida Samarqand xalqaro ayeroportining yer ustida xizmat ko‘rsatish va yangi terminalini boshqarish bo‘yicha operator-kompaniya. Samarqand ayeroportining yangi xalqaro terminali uch yil davomida World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro ayeroportlar reytingida. Markaziy Osiyo mintaqasidagi yetakchi o‘ntalikka kirdi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, Samarqand ayeroporti ACI EUROPE talqini bo‘yicha o‘z toifasida yo‘lovchi tashish o‘sish sur’ati bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.