Samarqand xalqaro aeroporti 2024-yilda yangi tarixiy yuqori ko‘rsatkichini qayd etdi va 1,38 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi, bu 2023-yilga nisbatan 37 foizga ko‘pdir. Eng yuqori o‘sish xalqaro tashuvlar segmentida kuzatildi, unda yo‘lovchilar oqimi 43 foizga oshdi, yil yakunidagi rekord oylar kesimida fevral (+59%), aprel (60%), may (+62%) va iyun oylarida (+69%) bo‘ldi.
Bunday o‘sishning asosiy omili mavjud aviakompaniyalar bilan hamkorlikni samarali rivojlantirish, shuningdek, yangi hamkorlarni jalb qilish hisoblanadi. Shu tufayli Samarqand aeroporti mintaqadagi asosiy transport markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda.
2024-yilda yo‘lovchi oqimining asosiy o‘sishi xalqaro yo‘nalishlarga to‘g‘ri keldi, ularda 1,31 milliondan ortiq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatildi. Samarqanddan Moskva, Istanbul, Sankt-Peterburg, Abu-Dabi va Jiddaga parvozlar ommalashdi.
Samarqand aeroportida uchish-qo‘nish operatsiyalari (UQO) soni 2024-yilda o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga oshib, 11 mingtaga yetdi.
O‘tgan yili ochilgan yangi yo‘nalishlar orasida: Sian (Xitoy), Sharm-al-Shayx (Misr), Turkiston (Qozog‘iston), Tyumen, Nijniy Novgorod va Irkutsk (Rossiya) bor.
Ta’kidlash joizki, Samarqand xalqaro aeroporti terminalini boshqaruvchi Air Marakanda kompaniyasi xizmat ko‘rsatish darajasi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sonini rivojlantirishni davom ettirmoqda. 2024-yilda aeroportda quyidagi yangiliklar joriy etildi:
· Nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun maxsus qo‘ng‘iroq tugmachasi o‘rnatilgan bo‘lib, uning yordamida xodim bilan darhol bog‘lanish va zarur yordam olish mumkin.
· Terminalda bepul yuk tarozilari paydo bo‘ldi, bu esa parvozga tayyorgarlik jarayonini sezilarli darajada soddalashtirdi.
· Hertz, SIXT va Europcar xalqaro avtomobil ijarasi bo‘yicha uchta tun-u kun ishlaydigan shoxobcha ochildi.
· Qo‘shimcha SIM-karta savdo nuqtalari, aksessuarlar va zargarlik buyumlari do‘konlari paydo bo‘ldi. Terminalda yangi kafelar va qandolatxonalar tashkil etildi, bu esa aeroportda yo‘lovchi va mehmonlar uchun yanada qulaylik yaratadi.
Air Marakanda rahbariyati kompaniyaning strategik siyosati yo‘nalishlar tarmog‘ini yanada kengaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilganligini ta’kidlaydi. 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar yangi yo‘nalishlarni ochish, aeroport infratuzilmasini yanada modernizatsiya qilish va yo‘lovchilarning aeroport bilan o‘zaro aloqalarini osonlashtirish uchun raqamli xizmatlarni joriy etishni o‘z ichiga oladi.
Qo‘shimcha ma’lumot:
AIR MARAKANDA – O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya sohasida birinchi davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyiha doirasida Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminaliga yer usti xizmati ko‘rsatish va boshqarish bo‘yicha operator-kompaniya. Samarqand aeroportining yangi xalqaro terminali uch yildan buyon ketma-ket World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro aeroportlar reytingida Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yetakchi o‘ntalikka kirdi. Yevropaning ACI Europe tashkiloti tomonidan e’lon qilingan 2024-yilning birinchi yarim yilligi natijalariga ko‘ra, Samarqand havo porti o‘rta aeroportlar toifasida ikkinchi o‘rinni egalladi.