18-fevral 2025, Samarqand. Samarqand xalqaro aeroporti jadal rivojlanayotgan aeroportlar qatorida o‘z mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda va nufuzli ACI Europe reytingida yiliga 1 milliondan 10 milliongacha yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan aeroportlar orasida 2-o‘rinni egalladi.

Yevropa aeroportlari xalqaro kengashi (Airports Council International, ACI Europe) ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqand aeroporti yo‘lovchilar oqimining rekord darajadagi o‘sish ko‘rsatkichini namoyish etdi: 2019-yilga nisbatan +186%.

Bunday natija aviatsiya tarmog‘ining tez rivojlanayotgani, sayyohlarning Samarqandga qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda havo porti yana yangi tarixiy maksimumga erishdi va 1,38 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi, bu rekord darajadagi 2023-yilga nisbatan 37 foizga ko‘pdir.

Samarqand xalqaro aeroportining zamonaviy terminalini boshqaruvchi Air Marakanda kompaniyasi 17 ta aviakompaniya bilan hamkorlik qiladi. Hozirgi kunda Samarqand aeroportidan 18 ta yo‘nalish bo‘yicha parvozlar amalga oshirilmoqda, ulardan 16 tasi xalqaro va 2 tasi ichki yo‘nalishlardir

Qo‘shimcha ma’lumot:

AIR MARAKANDA - davlat-xususiy sheriklik asosida O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya sohasidagi birinchi loyiha doirasida Samarqand xalqaro ayeroportining yer ustida xizmat ko‘rsatish va yangi terminalini boshqarish bo‘yicha operator-kompaniya. Samarqand ayeroportining yangi xalqaro terminali ikki yil davomida World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro ayeroportlar reytingida Markaziy Osiyo mintaqasidagi yetakchi o‘ntalikka kiradi. 2023-yil yakunlariga ko‘ra, Samarqand ayeroporti ACI EUROPE talqini bo‘yicha o‘z toifasida yo‘lovchi tashish o‘sish sur’ati bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi.

Back to news list