2025-yil 26-may, Samarqand. Samarqand xalqaro aeroporti "Haj-2025" davlat dasturi doirasida «Uzbekistan Airways» milliy aviatashuvchisining Madinaga birinchi ziyorat reysini amalga oshirdi.
26-may kuni ushbu yo‘nalish bo‘yicha birinchi reys bilan Samarqand xalqaro aeroportidan 240 dan ortiq ziyoratchi uchib ketdi.
Ishlab chiqilgan tartibga ko‘ra, ziyoratchilarga tezkor va qulay xizmat ko‘rsatishni ta’minlash uchun yo‘lovchilar va bagaj oldindan ro‘yxatdan o‘tkaziladi, shundan so‘ng har bir uchib ketayotgan shaxsga alohida pasport va tayyor bortga chiqish taloni beriladi, shuningdek, samolyot bortiga chiqqunga qadar kuzatib boriladi. Terminalda namoz o‘qish uchun qo‘shimcha joylar, namozxonalar zarur jihozlar bilan ta’minlangan, ovqatlanish joyi tashkil etilgan. Kam harakatli yo‘lovchilar uchun kreslo-aravachalar va samolyotgacha kuzatib borish imkoniyati mavjud.
Ishni muvofiqlashtirish uchun "Air Marakanda," "Samarqand xalqaro aeroporti" MCHJ, "Uzbekistan Airways" AJ rahbarlari, viloyat hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati bo‘limi va tegishli davlat tuzilmalari vakillari ishtirokida tezkor shtab tashkil etildi.
Reyslarga xizmat ko‘rsatish davrida terminal hududida tez tibbiy yordam va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari navbatchilik qilmoqda, shuningdek, terminal oldi maydoni va kuzatuvchilar to‘planadigan joylarda tartibni ta’minlash choralari kuchaytirilgan.
28-mayga qadar Samarqand - Madina yo‘nalishi bo‘yicha yana uchta reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Xizmat ko‘rsatish barcha zarur tartib-qoidalarga rioya qilgan holda davom ettiriladi.
Qo‘shimcha ma’lumot:
AIR MARAKANDA - davlat-xususiy sheriklik asosida O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya sohasidagi birinchi loyiha doirasida Samarqand xalqaro ayeroportining yer ustida xizmat ko‘rsatish va yangi terminalini boshqarish bo‘yicha operator-kompaniya. Samarqand ayeroportining yangi xalqaro terminali ikki yil davomida World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro ayeroportlar reytingida Markaziy Osiyo mintaqasidagi yetakchi o‘ntalikka kiradi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, Samarqand aeroporti ACI EUROPE talqini bo‘yicha o‘z toifasida yo‘lovchi tashish o‘sish sur’ati bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.