Xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish doirasida Samarqandning tayanch aviatashuvchisi Air Samarkand 4-maydan boshlab Samarqand va Tel-Aviv o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydi.
Samarqand xalqaro aeroporti terminalida aviakompaniya uchun yangi yo‘nalishning ishga tushirilishi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Air Samarkand aviakompaniyasining PR direktori Oleg Ivanov va Air Marakanda kompaniyasining yer usti xizmati direktori Aziz Nasriyev ishtirok etdi. Birinchi reys yo‘lovchilari uchun esdalik sovg‘alari va noz-ne’matlar tayyorlandi.
"Air Samarkand aviakompaniyasining Tel-Avivga reyslarining ochilishi aeroportning xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirishda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu loyiha aviakompaniyaning tashabbusi va professional mehnati tufayli O‘zbekiston Respublikasi hukumati, shuningdek, 2022-yildan beri yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan mamlakatimizning Isroildagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirildi. Uning yordami tufayli bugun biz faxr bilan aytishimiz mumkinki, Samarqand - Tel-Aviv yo‘nalishida ikkita aviatashuvchi xizmat ko‘rsatmoqda, bu esa O‘zbekiston va Isroil o‘rtasida turizm, ziyorat va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda," - dedi "Air Marakanda" MCHJ bosh direktori Ulug‘bek Shamsikulov.
Tel-Avivdan uchib kelgan samolyot aviatsiya an’anasiga ko‘ra Samarqand aeroporti aerodromida suv arkasi bilan kutib olindi.
Parvozlar har yakshanba kuni Samarqanddan jo‘nab ketish bilan soat 6:00 da amalga oshiriladi. Safar vaqti taxminan 5,5 soatni tashkil etadi. 2025-yil iyul oyidan boshlab talab ortib borayotgani sababli aviakompaniya parvozlar chastotasini haftasiga ikki martagacha oshirishni rejalashtirmoqda.
Ta’kidlash joizki, asosiy aviatashuvchi Samarqanddan Istanbul va Jiddaga ham muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshiradi.
Aviachiptalarni aviakompaniyaning rasmiy sayti - airsamarkand.com, Air Samarkand aviakompaniyasining Isroildagi rasmiy vakili - asiatravel.co.il hamda Samarqand xalqaro aeroportining 24 soat ishlaydigan aviakassasidan xarid qilish mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumot:
AIR MARAKANDA - davlat-xususiy sheriklik asosida O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya sohasidagi birinchi loyiha doirasida Samarqand xalqaro ayeroportining yer ustida xizmat ko‘rsatish va yangi terminalini boshqarish bo‘yicha operator-kompaniya. Samarqand ayeroportining yangi xalqaro terminali ikki yil davomida World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro ayeroportlar reytingida Markaziy Osiyo mintaqasidagi yetakchi o‘ntalikka kiradi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, Samarqand aeroporti ACI EUROPE talqini bo‘yicha o‘z toifasida yo‘lovchi tashish o‘sish sur’ati bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.