2026 yil 12-yanvar, Samarqand shahri. 2025 yil yakunlariga ko‘ra Samarqand xalqaro aeroporti yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha tarixiy rekordga erishib, 1,5 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Ushbu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 10 foizga oshdi. Hisobot yilida amalga oshirilgan parvozlar umumiy soni 11 mingdan ortiqni tashkil etdi. Ko‘rsatkichlar majmuasi bo‘yicha Samarqand havo bandargohi O‘zbekiston Respublikasining ikkinchi yirik aeroporti maqomini saqlab qolib, mamlakat transport tizimidagi muhim strategik o‘rnini yana bir bor tasdiqladi.
2025 yilda Samarqand xalqaro aeroportidan 24 ta aviakompaniya tomonidan 30 ta yo‘nalish bo‘yicha muntazam parvozlar amalga oshirildi. Hisobot davrida aeroportning yo‘nalishlar tarmog‘i 11 ta yangi yo‘nalish bilan kengaydi. Ostona, Boku, Krasnodar, Vladivostok, Krasnoyarsk va Madinaga parvozlar 2026 yilda ham davom etib, Samarqandning yirik ishbilarmonlik va turistik markazlar bilan barqaror transport aloqasini ta’minlamoqda. Parvozlar dasturini rivojlantirishga Centrum Air aviakompaniyasi bilan hamkorlik muhim hissa qo‘shdi — kompaniya 2025 yilda 10 ta ichki va xalqaro yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshirdi.
2025 yildagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri Samarqand shahrida YUNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasining o‘tkazilishi bo‘ldi. Mazkur tadbir doirasida aeroport tomonidan qariyb 55 ta charter reysning qabul qilinishi, xizmat ko‘rsatilishi va jo‘natilishi ta’minlandi. Bu jarayonda idoralararo muvofiqlashtirishning yuqori darajasi, operatsion tayyorgarlik hamda rasmiy delegatsiyalarga xizmat ko‘rsatishda protokol talablariga to‘liq rioya etilganligi namoyon etildi.
2025 yilda Samarqand xalqaro aeroportini boshqaruvchi Air Marakanda kompaniyasi kompleks auditdan muvaffaqiyatli o‘tdi va O‘zbekiston aviatsiya sohasida birinchi bo‘lib bir vaqtning o‘zida ISO 9001, ISO 14001 hamda ISO 45001 xalqaro sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. Mazkur natija kompaniyaning sifat menejmenti, atrof-muhitni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi sohalarida yuqori xalqaro standartlarga muvofiqligini tasdiqlaydi.
Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish yo‘nalishida ham izchil ishlar olib borildi. Xususan, Every Lounge, LoungeKey va Priority Pass xalqaro sodiqlik dasturlari bilan integratsiya orqali aeroportning CIP-zalidan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi. Bu yo‘lovchilarga parvoz oldidan qulaylik xizmatlarining yanada kengroq turlaridan foydalanish imkonini berdi.
Terminalning tijorat infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. 2025 yilda aeroport hududida savdo va umumiy ovqatlanish yo‘nalishidagi yangi obyektlar, jumladan Yess Coffee, Millat va Datum Parfume kabi mashhur brendlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu esa yo‘lovchilar tajribasining sifatini yanada oshirishga xizmat qildi.
2025 yil yakunlarini sarhisob qilar ekan, Samarqand xalqaro aeroporti yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda operatsion faoliyatga xalqaro standartlarni joriy etishga qaratilgan izchil va barqaror rivojlanish strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini tasdiqladi. 2026 yilda aeroport parvozlar geografiyasini yanada kengaytirish, servis yechimlarini takomillashtirish va infratuzilmani rivojlantirish orqali yo‘lovchilar tajribasining sifatini oshirishga ustuvor e’tibor qaratadi.
Qo‘shimcha ma’lumot:
AIR MARAKANDA — O‘zbekiston aviatsiya sohasida ilk bor davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilgan loyiha doirasida Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminalini boshqarish va yer usti xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi operator kompaniya. So‘nggi uch yil davomida Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali Markaziy Osiyo mintaqasida World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro reytingida mintaqaviy yetakchilarning o‘ntaligidan o‘rin olib kelmoqda. ACI EUROPE tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil yakunida Samarqand aeroporti o‘z toifasida yo‘lovchilar oqimi o‘sish sur’ati bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.
AIR MARAKANDA matbuot xizmati
Tel.: +998 97 907 87 67
Elektron pochta: pr@airmarakanda.com
Veb-sayt: https://samarkandairport.com/
