17-mart, Samarqand. AIR MARAKANDA kompaniyasi va FlyArystan aviakompaniyasi hamkorligi doirasida Samarqand va Olmaota shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

Yangi yo‘nalish ishga tushirilishi munosabati bilan aeroport terminalida rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari (R. Qobilov), Qozog‘iston Respublikasining Samarqanddagi Bosh konsuli, Samarqand xalqaro aeroporti rahbariyati hamda FlyArystan aviakompaniyasi vakillari ishtirok etdi. Ro‘yxatdan birinchi bo‘lib o‘tgan yo‘lovchiga aviakompaniya tomonidan aviachiptaga sertifikat topshirildi, AIR MARAKANDA kompaniyasi esa CIP-zalga bepul kirish uchun sertifikat taqdim etdi.

Olmaotadan kelgan ilk reys FlyArystan aviakompaniyasining havo kemasining an’anaviy suv arkasi bilan kutib olindi. Peronda aeroport rahbariyati, yosh aviaspotterlar va tadbir mehmonlari ishtirokida ekipajni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Samarqand xalqaro aeroportidan parvozlar haftasiga ikki marta — seshanba va shanba kunlari quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi:

  • Seshanba kunlari
Samarqanddan uchish — 14:45, Olmaotaga qo'nish — 16:40.

  • Shanba kunlari
Samarqanddan uchish — 17:05, Olmaotaga qo'nish — 18:50.

Aviachiptalarni FlyArystan mobil ilovasi, rasmiy veb-sayti www.flyarystan.com orqali, shuningdek Samarqand xalqaro aeroportidagi chiptaxonasidan xarid qilish mumkin.

Samarqand – Olmaota yo‘nalishining ochilishi aeroportning xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirishda muhim bosqich hisoblanadi hamda mintaqaning transport aloqalarini yanada mustahkamlaydi. Yangi reys turizm oqimini rivojlantirishga, shuningdek O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Samarqanddan Qozog‘iston poytaxti — Astana shahriga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar haftasiga 3 marta amalga oshirilmoqda.


Qo‘shimcha ma’lumot

AIR MARAKANDA — O‘zbekiston Respublikasida aviatsiya sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilgan ilk loyiha doirasida Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminalini boshqarish va yer usti xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha operator kompaniya hisoblanadi.

Yangi xalqaro terminal ketma-ket uch yil davomida Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha nufuzli World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro reytingida mintaqaviy yetakchilar o‘ntaligiga kiritilgan. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, Samarqand aeroporti ACI EUROPE talqiniga ko‘ra o‘z toifasida yo‘lovchi oqimi o‘sish sur’ati bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.

Press-xizmat: AIR MARAKANDA
Tel.: +998 97 907 87 67
Email: pr@airmarakanda.com
Sayt: https://samarkandairport.com/

Back to news list