26 sentabr 2025 yil, Samarqand. «Air Marakanda» kompaniyasi va Azimuth Airlines aviakompaniyasi hamkorligi doirasida Samarqanddan Krasnodarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ochilganini e’lon qiladi.

Azimuth Airlines’ning Sukhoi Superjet (Suxoy Superjet) havo kemasi Samarqand xalqaro aeroporti aerodromiga qo‘ngach, suv arkasi bilan kutib olindi. Yo‘lovchilar milliy karnay-surnay sadosi ostida va an’anaviy taom – o‘zbek somsasi bilan qarshi olindi. Birinchi qatnov tantanali marosimida Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari, Air Marakanda kompaniyasi rahbariyati hamda aviakompaniya vakillari ishtirok etdilar.

Terminalda yo’lovchilarning Samarqand – Krasnodar A3030 yo’nalishiga ro‘yxatdan o‘tish jarayoni ham tantanali tarzda o‘tkazildi. Ushbu parvozga birinchi bo‘lib chipta xarid qilgan yo‘lovchi aviakompaniyadan bepul parvoz sertifikati bilan taqdirlandi. “Air Marakanda” kompaniyasi esa CIP-zalga bepul xizmat ko‘rsatish sertifikati va sovg’alar topshirdi.

Samarqand – Krasnodar yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftasiga ikki marta — Seshanba va Juma kunlari amalga oshiriladi. Samarqanddan uchib ketish vaqti — soat 07:05, Krasnodarga yetib borish vaqti esa 09:00 (har bir aeroport uchun mahalliy vaqt ko’rsatilgan).

Krasnodarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning ochilishi Samarqanddan parvozlar ko’lamini kengaytirish, ikki hudud aholisi uchun yanada qulay va shinam sayohat sharoitlarini yaratish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam hisoblanadi.

Eslatib o’tamiz: Azimuth Airlines uchun Krasnodar — Samarqand xalqaro aeroportidan amalga oshirilayotgan to‘rtinchi yo‘nalishdir. Hozirda aviakompaniya muntazam ravishda Sochi, Ufa va Mineralnie Vodi shaharlariga ham parvozlarni amalga oshirmoqda.

Chiptalarni aviakompaniyaning rasmiy saytida www.azimuth.ru, shuningdek, Samarqand xalqaro aeroportining chiptaxonasidan xarid qilish mumkin.


Qo‘shimcha ma’lumot:

AIR MARAKANDA – Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminalini boshqaruvchi va yer usti xizmatlari ko‘rsatuvchi kompaniya bo‘lib, O‘zbekiston aviatsiya sohasidagi ilk davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida faoliyat yuritib kelmoqda. So‘nggi uch yil davomida Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali SKYTRAX xalqaro aeroportlar reytingi doirasida Markaziy Osiyo mintaqasining eng yaxshi o‘nta aeroporti qatoridan o‘rin olgan. 2024 yil yakunlariga ko‘ra, Samarqand aeroporti ACI EUROPE talqiniga ko‘ra o‘z toifasida yo‘lovchilar oqimini oshirish sur’atlari bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.

AIR MARAKANDA matbuot bo’limi
Tel.: +998 97 907 8767
Email: pr@airmarakanda.com
Sayt: https://samarkandairport.com/

Back to news list