30-mart 2026-yil, Samarqand shahri. "Air Marakanda" kompaniyasi Samarqand xalqaro aeroportining 2026-yilgi bahor-yoz parvozlar jadvaliga o‘tganini ma’lum qiladi. Yangi mavsumda asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha reyslar chastotasini oshirish, aviakompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda terminal infratuzilmasini yanada rivojlantirish rejalashtirilgan.

Bahor-yoz mavsum doirasida Moskvaning barcha aeroportlariga parvozlar dasturi kengaytirilmoqda: Vnukovoga haftasiga 23 tadan 34 taga, Sheremetyevoga 5 tadan 7 taga, Domodedovoga 11 tadan 12 taga, Jukovskiyga esa 4 tadan 7 tagacha reyslar soni oshiriladi. 

Eng talab yuqori bo‘lgan xalqaro yo‘nalishlardan biri — Istanbul bo‘lib, ushbu yo‘nalishda Turkish Airlines va Uzbekistan Airways aviakompaniyalari umumiy reyslar sonini haftasiga 13 taga yetkazadi. 

Ural Airlines aviakompaniyasi Yekaterinburg yo‘nalishida reyslar chastotasini haftasiga 4 martagacha oshiradi. SunExpress aviakompaniyasi Izmirga haftasiga 3 marta parvozlarni yo‘lga qo‘yadi, xuddi shunday chastotada VietJet Air Qazaqstan aviakompaniyasi Astana yo‘nalishida parvozlarni amalga oshiradi.

Centrum Air aviakompaniyasining Toshkent yo‘nalishida yangi reyslarni yo‘lga qo‘yishi hisobiga poytaxtga parvozlar soni haftasiga 10 taga yetdi. Yangi mavsumda milliy aviakompaniya Uzbekistan Airways Tel-Aviv yo‘nalishida parvozlarni boshlaydi, shuningdek Qozon yo‘nalishidagi reyslar chastotasini haftasiga 2 martagacha oshiradi.

Hozirgi vaqtda Samarqand xalqaro aeroportidan 19 yo‘nalish bo‘yicha 18 ta aviakompaniya reyslarni amalga oshirmoqda.


AIR MARAKANDA — O‘zbekiston Respublikasida aviatsiya sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilgan ilk loyiha doirasida Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminalini boshqarish va yer usti xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha operator kompaniya hisoblanadi.

Yangi xalqaro terminal ketma-ket uch yil davomida Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha nufuzli World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro reytingida mintaqaviy yetakchilar o‘ntaligiga kiritilgan. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, Samarqand aeroporti ACI EUROPE talqiniga ko‘ra o‘z toifasida yo‘lovchi oqimi o‘sish sur’ati bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.

Press-xizmat: AIR MARAKANDA
Tel.: +998 97 907 87 67
Email: pr@airmarakanda.com
Sayt: https://samarkandairport.com/



Back to news list