07 noyabr 2025 yil, Samarqand shahri. Air Marakanda kompaniyasi va QazaqAir (Vietjet Qazaqstan) aviakompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Samarqanddan Qozog‘iston Respublikasi poytaxti — Ostonaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yangi xalqaro yo‘nalishning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbir Samarqand xalqaro aeroporti terminalida tashkil etildi. Unda Qozog‘iston Respublikasining Samarqanddagi Bosh konsuli, Air Marakanda kompaniyasi rahbariyati va aviakompaniya vakillari ishtirok etishdi.
Samarkand–Ostona yo‘nalishidagi birinchi parvoz yo‘lovchilari uchun madaniy dastur doirasida qozoq milliy ansambli chiqishi va an’anaviy qozoq taomlari bilan furshet tashkil etildi. Samarqand aeroportida birinchi bo‘lib ro‘yxatdan o‘tgan yo‘lovchiga QazaqAir (Vietjet Qazaqstan) aviakompaniyasi tomonidan bepul aviachipta sertifikati, Air Marakanda kompaniyasi tomonidan esa CIP-zalga sertifikati hamda sovg‘alari taqdim etildi.
Ostonadan uchib kelgan havo kemasi Samarqand xalqaro aeroporti aerodromida an’anaviy suv arkasi bilan kutib olindi. Poytaxtdan kelgan yo‘lovchilarga esa qozoq milliy ansambli ijrosi ostida Uzbek somsa bilan kutib olindi.
Muntazam parvozlar haftasiga ikki marotaba — juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Samarqanddan uchib ketish vaqti 14:20 da.
Ostonaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning yo‘lga qo‘yilishi aeroportning xalqaro marshrutlar tarmog‘ini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi turistik hamda biznes aloqalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Qo'shimcha ma'lumot:
AIR MARAKANDA – O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya sohasida birinchi davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyiha doirasida Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminaliga yer usti xizmati ko‘rsatish va boshqarish bo‘yicha operator-kompaniya. Samarqand aeroportining yangi xalqaro terminali uch yildan buyon ketma-ket World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro aeroportlar reytingida Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yetakchi o‘ntalikka kirdi. Yevropaning ACI Europe tashkiloti tomonidan e’lon qilingan 2024-yilning birinchi yarim yilligi natijalariga ko‘ra, Samarqand xalqaro aeroporti o’rta toifali aeroportlar orasida ikkinchi o‘rinni egalladi.
AIR MARAKANDA matbuot bo’limi
Теl.: +998 97 907 8767
Email: pr@airmarakanda.com
Sayt: https://samarkandairport.com/
