2025-yil 26-dekabr kuni Samarqand xalqaro aeroportida muhim tarixiy voqea qayd etildi: aeroport orqali xizmat ko‘rsatilgan yo‘lovchilar soni 1 500 000 nafarga yetib, 2025-yil yakunlari bo‘yicha rekord ko‘rsatkichga erishildi. 

Yubiley yo‘lovchi «Pobeda» aviakompaniyasining DP-998-sonli Samarqand — Moskva yo‘nalishidagi reysiga ro‘yxatdan o‘tish jarayonida aniqlandi. U Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida istiqomat qiluvchi Shodiyerova Muhabbat bo‘ldi. Air Marakanda kompaniyasining tijorat direktori Dmitriy Martynenko tomonidan yubiley yo‘lovchiga tantanali ravishda esdalik sovg‘alari hamda Samarqand xalqaro aeroportining VIP-lounge hududida xizmat ko‘rsatish uchun sertifikat topshirildi. Shuningdek, «Pobeda» aviakompaniyasi tomonidan yo‘lovchiga Samarqand — Moskva — Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha bepul aviaqatnov uchun sertifikat taqdim etildi.

Mazkur bayram tadbiri doirasida ushbu reys bilan uchib ketayotgan barcha yo‘lovchilar uchun «Pobeda» aviakompaniyasi hamda Air Marakanda kompaniyasi tomonidan sovrinli o‘yinlar tashkil etildi. Ushbu tashabbus yo‘lovchilar uchun yoqimli kutilmagan holat bo‘lib, parvoz oldidan bayramona muhitni yanada boyitdi.

Bugungi kunda Samarqand xalqaro aeroporti O‘zbekiston Respublikasining ikkinchi yirik aviatsiya xabi sifatida o‘z mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda. 1,5 million nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilishi aeroportning barqaror va izchil rivojlanayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Air Marakanda kompaniyasi aeroport infratuzilmasini rivojlantirish, Rossiya Federatsiyasi va xalqaro aviakompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, yangi yo‘nalishlarni ochish hamda zamonaviy servis yechimlarini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirmoqda. Ushbu chora-tadbirlarning barchasi yo‘lovchilar uchun safarning har bir bosqichida yuqori darajadagi xavfsizlik va qulaylikni ta’minlashga qaratilgan.


Qo'shimcha ma'lumot:

AIR MARAKANDAO‘zbekiston Respublikasi aviatsiya sohasida birinchi davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyiha doirasida Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminaliga yer usti xizmati ko‘rsatish va boshqarish bo‘yicha operator-kompaniya. Samarqand aeroportining yangi xalqaro terminali uch yildan buyon ketma-ket World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro aeroportlar reytingida Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yetakchi o‘ntalikka kirdi. Yevropaning ACI Europe tashkiloti tomonidan e’lon qilingan 2024-yilning birinchi yarim yilligi natijalariga ko‘ra, Samarqand xalqaro aeroporti o’rta toifali aeroportlar orasida ikkinchi o‘rinni egalladi.

AIR MARAKANDA matbuot bo’limi

Теl.: +998 97 907 8767

Email: pr@airmarakanda.com

Sayt: https://samarkandairport.com/

Back to news list