12-fevral, Samarqand. 17-martdan boshlab Qozog‘istonning loukoster aviakompaniyasi FlyArystan Samarqand va Olmaota o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi.
Samarqand xalqaro aeroportidan parvozlar haftasiga ikki marta — Seshanba va Shanba kunlari — quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi:
Seshanba kunlari:
Samarqanddan uchib ketish 14:45da,
Olmaotaga uchib kelish 16:40da.
Shanba kunlari:
Samarqanddan uchib ketish 17:05da,
Olmaotaga uchib kelish 18:50da.
Nega Olmaota “olmalar shahri” deb ataladi?
Shahar nomi qozoq tilidagi “alma” — ya’ni “olma” so‘zidan kelib chiqqan. Aynan shu hudud mashhur, yirik va xushbo‘y apоrt navli olmaning tarixiy vatani hisoblanadi. Ushbu nav bugungi kunda ham shahar ramziga aylangan.
Biroq Olmaota faqat olma bog‘lari bilangina cheklanmaydi.
Mazkur yo‘nalishning turistik salohiyati tabiiy go‘zallik va zamonaviy megapolis shiddatining noyob uyg‘unligi bilan ajralib turadi. Olmaota Zailiy Olatau tog‘lari etagida joylashgan bo‘lib, tog‘ manzaralari shahar markazidan atigi 30 daqiqalik masofada boshlanadi. Bu yerda sayr yo‘laklari, kanat yo‘llari va betakror panoramali manzaralar mavjud. Shuningdek, hududda yil davomida faoliyat ko‘rsatuvchi, mintaqaning eng mashhur tog‘-chang‘i maskanlaridan biri — Shimbuloq kurorti joylashgan.
Olmaota haqli ravishda Qozog‘istonning madaniy poytaxti hamda mamlakatning yetakchi biznes markazlaridan biri sanaladi. Shahar boy gastronomik muhiti, festivallari, zamonaviy arxitekturasi va serqirra shahar hayoti bilan sayyohlarni o‘ziga jalb etadi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning yo‘lga qo‘yilishi Samarqand aholisi va mehmonlariga atigi ikki soatlik parvoz orqali Markaziy Osiyoning eng go‘zal va zamonaviy shaharlaridan biriga ortiqcha tranzitlarsiz qulay yetib borish imkonini yaratadi.
Chiptalarni aviakompaniyaning rasmiy sayti booking.flyarystan.com orqali, shuningdek, Samarqand xalqaro aeroportining 24 soat faoliyat yurituvchi chiptaxonasidan xarid qilish mumkin.
Qo'shimcha ma'lumot:
AIR MARAKANDA – O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya sohasida birinchi davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyiha doirasida Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminaliga yer usti xizmati ko‘rsatish va boshqarish bo‘yicha operator-kompaniya. Samarqand aeroportining yangi xalqaro terminali uch yildan buyon ketma-ket World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro aeroportlar reytingida Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yetakchi o‘ntalikka kirdi. Yevropaning ACI Europe tashkiloti tomonidan e’lon qilingan 2024-yilning birinchi yarim yilligi natijalariga ko‘ra, Samarqand xalqaro aeroporti o’rta toifali aeroportlar orasida ikkinchi o‘rinni egalladi.
AIR MARAKANDA matbuot bo’limi
Теl.: +998 97 9078767
Email: pr@airmarakanda.com
Sayt: https://samarkandairport.com/
