8.07.2024. Samarqand shahri. Samarqand xalqaro aeroportini boshqaruvchi Air Marakanda kompaniyasi 2024-yilning birinchi yarmida 647 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 47 foizga ko‘pdir.
Eslatib o‘tamiz, kompaniya faoliyati boshlanganidan beri aeroportning yo‘lovchi oqimi doimiy ravishda ko‘payib, tarixiy ko‘rsatkichlarni namoyon qilmoqda. Shu tariqa 2023-yil yakunlariga ko‘ra, Samarqand aeroporti tarixida birinchi marta 1 010 938 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi, bu 2022-yildagi rekord ko‘rsatkichdan 104,9 foizga yoki 517 521 yo‘lovchiga ko‘p.
Yo‘lovchi oqimining tez o‘sishi nafaqat mavjud aviatashuvchilar parvozlari sonining ko‘payishi, balki yangi hamkorlarni jalb qilish bilan ham bog‘liq.
2024-yil boshidan Samarqand xalqaro aeroporti o‘z yo‘nalish tarmog‘ini kengaytirdi va yilning birinchi yarmida Samarqanddan parvozlar 2 ta ichki va 24 ta xalqaro yo‘nalishlarda amalga oshirildi.
Loong Air xorijiy aviakompaniyasi birinchi marta Sian (Xitoy) shahriga parvozlarni amalga oshirishni boshladi. Ural Airlines, Qazaq Air, Utair, Uzbekistan Airways kabi aviakompaniyalar tomonidan Yekaterinburg, Moskva, Turkiston, Tyumen, Nijniy Novgorod va Irkutskga reyslar ochilgan edi.
Joriy yilning 21-mart kuni Air Samarkand asosiy aviatashuvchisi tomonidan Istanbulga (Turkiya) muntazam reyslar yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, aviakompaniya Nyachang (Vetnam) va Sharm-el-Shayx (Misr) ga bir nechta charter reyslarini amalga oshirdi.
Yo‘lovchilar oqimining o‘sishi tahlilidan kelib chiqadiki, asosiy e’tibor xalqaro yo‘nalishlarga qaratilgan. Samarqanddan Moskva, Istanbul, Sankt-Peterburg, Abu Dabi, Jidda va Dubayga parvozlar 2024-yilning birinchi yarmida ommalashdi. Umuman olganda, ushbu reyslarda taxminan 613 ming yo‘lovchiga (+56%) xizmat ko‘rsatilgan.
Yilning birinchi yarmida ichki havo liniyalarida tashish hajmi 34 ming yo‘lovchini tashkil etdi.
Air Marakanda aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha xalqaro talablarga muvofiqligi, ekologik tashabbuslarni joriy etish, aeroport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish va boshqalar kabi asosiy strategik yo‘nalishlarga e’tibor qaratadi.
Qo‘shimcha maʼlumot:
AIR MARAKANDA - davlat-xususiy sheriklik asosida O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya sohasidagi birinchi loyiha doirasida Samarqand xalqaro aeroportining yer ustida xizmat ko‘rsatish va yangi terminalini boshqarish bo‘yicha operator-kompaniya. Samarqand aeroportining yangi xalqaro terminali ikki yil davomida World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro aeroportlar reytingida Markaziy Osiyo mintaqasidagi yetakchi o‘ntalikka kirdi. 2023-yil yakunlariga ko‘ra, Samarqand aeroporti ACI EUROPE talqini bo‘yicha o‘z toifasida yo‘lovchi tashishning o‘sishi surʼati bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi.